Bosh sahifa » 2012 » Oktabr » 2 » Oddiy muallim
01:38
Oddiy muallim
Oddiy muallim
(Yoxud eng sharafli kasb egalari haqida o‘ylar...)
 
   ..Donishmandlar, buyuklik – oddiylikda, deyishadi. Oddiylik sifati zamirida halollik, fidoyilik, mehribonlik kabi yuksak insoniy fazilatlar mujassam. Hayotini yoshlarga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishlagan, el orasida obro‘-e’tibor qozongan, katta-katta mukofotlarni qo‘lga kiritgan o‘qituvchi ham o‘z kasbi haqida gapirganida oddiy muallimman, deydi g‘urur bilan.
   "A’lo” baho olgan o‘quvchisini yelkasiga opichlagancha sinf aylantirgan, onasidan bevaqt judo bo‘lgan bolakayni bag‘riga bosgancha yum-yum yig‘lagan, sinfga kirib kelgan qizaloqning sovuqdan qizargan qo‘llarini kaftiga olib "kuh-kuh”lab isitgan, shogirdlarini hayotning achchiq-sanchiqlaridan asragan, qoqilsa – suyab, yiqilsa – turg‘izgan, g‘amga botsa, otadek ezilib, yutuqlaridan boladek quvongan muallimga buncha mehr, bunchalik fidoyilikni ato etgan kim?! Ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, kelajakka tiyrak nigoh tashlab turgan o‘g‘il-qizlarimizni mustaqil fikrlashga, mustaqil yashashga o‘rgatadigan, yoshlarimiz qalbida ertangi kunga qat’iy ishonch uyg‘otadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatining o‘lchovi, qiyosi bormi?...
   Davlatimiz rahbarining «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir», degan so‘zlari bizning mehnatimizga berilgan eng yuksak bahodir.
Bizga ilm o‘rgatgan o‘qituvchilarimiz, boshimizni silagan murabbiylarimiz, hayotning qaysidir nuqtasida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan ustozlarimiz haqida o‘ylar ekanmiz, Alisher Navoiy hazratlarining senga loaqal birgina harf bo‘lsa-da o‘rgatgan kishining haqini ming ganj ila ham ado etib bo‘lmas, degan so‘zlari yodimizga tushadi.
   Ha, eng ulug‘ shoir, eng mashhur olim, dunyoga taniqli sportchi, kosmonavt – boringki, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu dunyoda har bir insonning qo‘liga ilk bor qalam tutqazgan, ilk bor saboq bergan, harf o‘rgatgan – bu oddiy muallimdir…
   Ming bor ta’zim sizga, oddiy muallim!
Manba: Uza.uz (Uzedu.uz)
 
Ko'rilgan: 2296 | Kiritgan: Mavjuda | Reyting: 2.0/1
Barcha fikrlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *: