Bosh sahifa » 2014 » Aprel » 19 » Buyuk ajdodlarimiz ilmiy salohiyatlarining munosib e'tirofi
16:42
Buyuk ajdodlarimiz ilmiy salohiyatlarining munosib e'tirofi

Samarqand shahrida Xalqaro ilmiy anjuman bo'lib o'tadi

Joriy yil 15-16 may kunlari Samarqand shahrida “O'rta asrlardagi Sharq olimlari va allomalarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiyadagi o'rni va roli” mavzusida Xalqaro ilmiy anjuman bo'lib o'tadi. Anjumanni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad yurtimizda yetishib chiqqan buyuk olimlarimiz va allomalarimizning tarixiy ilmiy merosini chuqur o'rganish va o'zlashtirish, ularning xalqaro taraqqiyotga qo'shgan hissalarini mahalliy va xalqaro jamoatchilikka keng yoritish, ularning mehnatlari va ixtirolarini har tomonlama tadqiq etish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan ilmiy markazlar va yetakchi olimlarni jalb qilish, ushbu insoniylik qadriyatlarini zamonaviy ilm-fan rivojlanishi asoslari sifatida saqlash va ommalashtirish, ilmiy merosning hozirgi kun bilan aloqasi va yoshlarni “XXI asr – bilim va intellektual mehnat asri” tushunchasi yordamida tarbiyalashdan iborat, deb xabar berdi “Jahon” AA. Mazkur anjumanda ilg'or xorijiy olimlar va ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpuslar vakillari ishtirok etadi. Unda al-Xorazmiy, al-Farg'oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Navoiy, Zamaxshariy, Bobur va boshqalar kabi buyuk olim va mutaffakirlarning ilmiy merosi tahlil qilinadi. Yalpi majlisdan so'ng anjuman to'rtta bo'limda ish olib boradi: “Aniq fanlar sohasida ishlagan o'rta asrlardagi Sharq olimlarining ilg'or yutuqlari, zamonaviy fanlar (astronomiya, matematika, j'og'rofiya, geodeziya) rivoji va shakllanishiga ular qo'shgan hissa”, “Tabiy fanlar (tibbiyot, farmakologiya, kimyo, mineralogiya) rivojiga alohida hissa qo'shgan olimlarning ilmiy merosi”, “Olimlar va mutaffakirlarning tarixiy va falsafiy merosi” hamda “Olimlar va mutaffakirlarning tilshunoslik va adabiyot bo'yicha ilmiy meroslari”. Anjuman davomida arxivda saqlanib kelinayotgan yozma meroslarning katalogini, ular bo'yicha bibliografik ma'lumotnomalar yaratish, yozma manbalarni raqamlashtirish va keng fan jamoatchiligiga internet orqali ularga yo'l ochish, yozma manbalarni asosiy xalqaro tillarga ilimiy-izohli tarjima qilinishini amalga oshirish, dunyoning yetakchi telekanallari bilan hamkorlikda buyuk olim va mutaffakirlar haqida hujjatli filmlar yaratish bo'yicha vazifalar muhokama qilinadi. Tadbir yakunida ishtirokchilarning asosiy ma'ruzalari va nutqlarini o'z ichiga olgan materiallar to'plamini nashr qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, anjumanning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi ma'naviy-madaniy, intellektual salohiyatni shakllantirish va mustahkamlash bo'yicha zamonaviy olimlar avlodining ilmiy-madaniy faoliyatiga ham baho berishi kutilmoqda.

Ko'rilgan: 1922 | Kiritgan: Mavjuda | Reyting: 2.0/1
Barcha fikrlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *: